Alişer Egamberdi tayyorladi, ÖzA / BAYRAQDAR MEDİA – Bugungi kunda jazirama quyoş nuri ostida toblanib turgan yurtimiz keñliklarida bir vaqtlar qalin yuñ bilan qoplañan, haybatli filsimon jonzotlar – mamontlar erkin kezib yurganini tasavvur qiliş qiyin. Ammo tarix, aniqroği, tuproq ostidan çiqayotgan dalillar şuni körsatadiki, bizniñ zaminimiz nafaqat buyuk sivilizatsiyalar beşigi, balki qadimgi megafauna vakillari, xususan, ulkan mamontlarniñ ham vatani bölgan.
Qadimşunoslar paleolit deb ataydigan qadimgi toş asriniñ örta bosqiçida – bundan taxminan 100–40 miñ yillar avval mintaqamiz iqlimi hozirgidan keskin farq qilgan. Sovuqsevar mamontlarniñ keñ tarqalişi uçun qulay bölgan uşbu davrda, fillar oilasiga mansub bu jonzotlarniñ böyi 2,5–3,5 metrga, vazni esa naq 7 tonnagaça yetgan. Ularniñ himoya va ozuqa topiş vositasi bölgan, oğzidan çiqib turuvçi tişlariniñ uzunligi 4 metrni, oğirligi esa 100 kilogrammni taşkil etgani tabiatniñ naqadar qudratli mavjudotlarni yaratganidan dalolat beradi. Öşa davr odaminiñ bunday “toğdek” hayvonlar bilan yonma-yon yaşaşi ularniñ turmuş tarziga jiddiy tasir körsatgan. Odamlar nafaqat tabiiy ğorlarda, balki uşbu ulkan hayvonlarniñ suyaklaridan yasalgan maxsus turar-joylarda ham istiqomat qilişgan. Bu esa ibtidoiy ajdodlarimizniñ quriliş salohiyati va moslaşuvçanligi haqidagi tasavvurlarimizni keñaytiradi.
İnsoniyat tafakkuri rivojlanib, dunyoni özi bilganiça tasvirlaşga uriñan paleolitniñ söñgi bosqiçida ğor devorlariga çizilgan suratlar orasida mamontlarniñ aks etişi bejiz emas. Bu davrda odamlar orasida yirik hayvonlarni ovlaş jarayoni takomillaşib borgan. İbtidoiy qabrlarni örgañan arxeologlar u yerdan mamont dandoni va suyaklaridan yasalgan nozik qurollar hamda bezaklarni topganlari, ajdodlarimizniñ estetik didi va suyakka işlov beriş madaniyati şakllañanini körsatadi. Demak, mamontlar faqat ozuqa manbai emas, balki ilk hunarmandçilik uçun muhim xomaşyo bazasi ham bölgan.
Garçi muzlik davri yakunlanib, iqlim ilişi bilan bu gigantlar qirilib ketgan bölsa-da, ularniñ suyaklari asrlar oşa qimmatbaho “xazina” sifatida körilgan. Mamontlar haqidagi malumotlarniñ hatto örta asr manbalarida, xususan, arab sayyohi Abu Homid Ğarnatiy (1080–1170) asarlarida uçraşi tarixçilarni hayratga soladi. Sayyohniñ yozişiça, bulğorliklar dala işlari jarayonida tez-tez mamont suyaklariga duç kelişgan va ularni noyob xomaşyo sifatida Xorazmga yuborişgan. Bu fakt özbek davlatçiligi tarixidagi muhim markazlardan biri bölgan Xorazmniñ öşa davrda yuksak hunarmandçilik markazi bölganini yana bir bor tasdiqlaydi. Xorazmlik ustalar uşbu “asrlar tuhfasi”dan zodagonlar uçun bejirim buyumlar yasaşgan, bu esa mamont suyaginiñ örta asrlar xalqaro savdosidagi örnini körsatadi.
Söñgi ikki asr davomida yurtimizniñ turli nuqtalaridan topilayotgan mamont qoldiqlari qadimgi tarixniñ jumboqli sahifalarini oçişga xizmat qilmoqda. Xususan, ötgan asrniñ yetmişinçi yillarida Samarqand viloyati Narpay tumanidagi Qötirbuloq manzilgohidan topilgan jağ suyagi fan uçun nihoyatda qimmatli topilma hisoblanadi. Olimlarniñ taxminiga köra, u ilk pleystotsen davrida yaşagan trogenteriy filiniñ avlodi bölgan “xazar mamonti”ga tegişlidir. Bu kabi topilmalar Özbekiston hududiniñ paleozoologiya xaritasini tuzişda muhim ahamiyat kasb etadi.
Biroq, tarixni örganişda faqat yutuqlar emas, balki yöqotilgan imkoniyatlardan ham saboq oliş lozim. Matematik olim, Prof. Pirnazar Davronovniñ qaydlariga köra, 1976 yilda Nurobod tumanidagi Jom qişloğida yuz bergan voqea buña yorqin misoldir. Öşanda Omondara hududidan boşlanğiç sinf öqituvçisi Mavlon Jabborov tomonidan noyob mamont suyagi topilgan edi. Afsuski, 21-maktab tarix xonasida saqlañan uşbu bebaho eksponat, yetarli darajada etibor berilmaganligi sababli beş bölakka bölinib ketgan. Keyinçalik ulardan uç bölagini saqlab qoliş maqsadida Samarqand davlat universitetiga topşirişga ahd qiliñan bölsa-da, bu holat tarixiy merosga nisbatan ehtiyotkorlik va ilmiy yondaşuv qançalik zarurligini eslatib turadi.
Bugungi kunda muzeylarimizda saqlanayotgan, tuproq qaridan topilgan har bir mamont suyagi – şunçaki kalsiy qotişmasi emas. Ular ona zaminimizniñ miñ yillar avvalgi tabiati, iqlimi va u yerda yaşagan insonlarniñ kuraşlarga boy hayotidan sözlovçi guvohlardir. Örta asrlarda Xorazm ustalari tomonidan sayqallañan mamont suyaklaridan tortib, Jom qişloğida topilgan qoldiqlargaça – barçasi Özbekiston tarixiniñ uzviy va ajralmas qismi bölib, ularni asrab-avaylaş va çuqur örganiş ötmişimizni teranroq añlaşga xizmat qiladi.





